Komplayens tizimi — qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi samarali mexanizm
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu boradagi islohotlarni yana-da samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari qabul qilindi. Ushbu hujjatlar komplayens tizimi joriy etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, komplayens tizimi nima?
Komplayens — tashkilot faoliyatining qonunchilik, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, ichki qoidalar va axloqiy standartlarga muvofiqligini taʼminlashga qaratilgan tizimdir. U faqat nazorat emas, balki oldini olish, profilaktika va masʼuliyat madaniyatini shakllantirish vazifasini ham bajaradi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, samarali komplayens tizimi mavjud bo‘lgan mamlakat va tashkilotlarda korrupsiya xavfi kamayadi,
davlat va jamiyat o‘rtasida ishonch ortadi, investitsiyaviy jozibadorlik kuchayadi. Shu boisdan ham davlat organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarda korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat tizimi joriy etilmoqda. Bu orqali korrupsiya, huquqbuzarliklar hamda ishonchsizlik muammolarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda, fuqarolar uchun davlat idoralari, korxona va tashkilotlar faoliyatida shaffoflik, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillari taʼminlanmoqda.
Komplayens faqat nazorat emas...
“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalardan biri bo‘lgan “Autosanoat agro lizing” MCHJda 2022 yil 3 oktyabrdan boshlab komplayens tizimi joriy etilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda. Rahbarning 2023 yil 4 oktyabrdagi “Komplayens nazoratiga oid hujjatlarni ko‘rib chiqish va tizimlashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida qator ichki normativ hujjatlar ishlab chiqildi.
Jumladan, poraxo‘rlik va korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, manfaatlar to‘qnashuvi siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, xabar berish kanallari orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish reglamenti, xodimlarning etika va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitilishini tashkil etish yo‘riqnomalari, biznes hamkorlarini kompleks tekshirish, xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish, sovg‘alar va mehmondo‘stlikka oid nizomlar kabi muhim hujjatlar amaliyotga joriy etildi. Mazkur hujjatlar xaridlar jarayoni, xodimlarni ishga qabul qilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat safarlari, xayriya va boshqa yo‘nalishlarda to‘liq tatbiq etilmoqda hamda muntazam ravishda yangilanib borilmoqda.
Zero, komplayens tizimining muvaffaqiyati faqat hujjatlar bilan emas, balki xodimlarning ongi va madaniyati bilan ham bog‘liqdir.
Shu bois, jamiyat xodimlari uchun muntazam o‘quv seminarlari, tushuntirish ishlari tashkil etilmoqda. Anonim murojaatlar uchun ishonch telefoni, maxsus elektron pochta manzili va ichki portal orqali xabar qoldirish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, barcha murojaatlarni maxfiy ravishda ko‘rib chiqish tizimi yaratilgan. Barcha xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi qoidalar kiritilgan. O‘tgan yil davomida xodimlar uchun sanksiyalar va eksport nazorati, tanlov asosida ishga qabul qilish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish hamda sovg‘alarga oid talablar bo‘yicha qator treninglar o‘tkazildi.
Shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatar mavjud lavozimlarda ishlovchi 12 nafar xodim o‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Davlat xizmatida halollikni taʼminlash” mavzusida maxsus o‘quv kurslarida qatnashib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bir kishining emas, balki barchamizning umumiy burchimizdir. Komplayens esa tashkilotda adolat, poklik va shaffoflikni taʼminlaydigan muhim mexanizm hisoblanadi. Shu boisdan ham “Autosanoat agro lizing” MCHJda komplayens tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilib, korporativ madaniyatni yuksaltirish, ishonchli biznes muhitini shakllantirish va kompaniya imidjini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, komplayens tizimi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning taʼsirchan vositasi, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlovchi muhim mexanizm, qonun ustuvorligini mustahkamlovchi institut sifatida izchil rivojlanib bormoqda. U faqat hujjat emas, balki boshqaruv madaniyati hamdir. Uni samarali joriy etish orqali davlat organlarida halollik, javobgarlik va qonun ustuvorligi taʼminlanadi.
Odilxon SAYFULLAYEV,
"Avtosanoat agro lizing" MCHJ Bosh direktori.
2021 - 2026. Все права защищены. ООО «Autosanoat Agro Lizing»