O‘zbekistonda 2026-yil 12-oktyabr holatiga ko‘ra, 3,4 million tonna paxta xomashyosi yig‘ib olindi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil hosili uchun 4,5 million tonna paxta yig‘ib olish bo‘yicha shartnomaviy ko‘rsatkich belgilangan. Hozirgacha uning 76 foizi bajarilgan.
Yig‘ib olingan hosilning 2,6 million tonnasi paxta terish mashinalari yordamida, 848 ming tonnasi esa qo‘l terimi orqali yig‘ilgan. Umumiy terim hajmining 75 foizi mexanizatsiyalashgan terim hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Qo‘l terimi orqali yig‘ilgan paxtaning 174 ming tonnasi dalalarning chetlarini terim mashinalari harakatlanishi uchun tayyorlash maqsadida terilgan.
Qolgan 674 ming tonna paxta fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar ishchilari tomonidan terim mashinalari kira olmaydigan kichik konturlardan yig‘ib olingan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, kelgusida ushbu maydonlarni ham kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Hozirda paxta yig‘im-terimiga jami 3 mingga yaqin yuqori unumli paxta terish mashinasi jalb qilingan. Shundan mingdan ortig‘i joriy yilda fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga lizing asosida yetkazib berilgan.
12-oktyabrning o‘zida paxta terish mashinalari yordamida 147 ming tonna paxta xomashyosi yig‘ib olingan. Bir kunda bitta mashinaga o‘rtacha 50 tonnadan hosil to‘g‘ri kelgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta yig‘im-terimi ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Davlat mehnat inspeksiyasi paxta terimchilariga o‘z vaqtida to‘lanmagan qariyb 9 milliard so‘m mablag‘ undirib bergani xabar qilingandi.
Inspeksiya 2–4-oktyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida monitoring o‘tkazgan. Natijada terimchilarga to‘lanmagan jami 8 milliard 833 million so‘m terim puli undirib berilgan.
Paxta yig‘im-terimi vaqtida mehnat huquqlari buzilgan yoki majburiy mehnat holatiga duch kelingan taqdirda, Davlat mehnat inspeksiyasiga @munosibmehnat_bot orqali yoki 1176 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkin.
2021 - 2026. Барча ҳуқуқлар химояланган. «Autosanoat Agro Lizing» МЧЖ