O‘zbekistonda ilk bor aerologik shar sinov tariqasida uchirildi

#
  • 2026-08-07 09:29:20

O‘zbekistonda ilk bor aerologik shar sinov tariqasida uchirildi

Buxoro viloyatida O‘zbekiston mustaqilligi yillarida ilk bor aerologik shar sinov tariqasida muvaffaqiyatli uchirildi. Mazkur loyiha atmosferaning yuqori qatlamlarini o‘rganish, ob-havo prognozlari aniqligini oshirish va xavfli gidrometeorologik hodisalarni ertaroq aniqlash imkoniyatini kengaytiradi.

Mamlakat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Buxoro viloyatida ilk bor aerologik shar test rejimida muvaffaqiyatli uchirildi. Bu gidrometeorologiya sohasini rivojlantirish va atmosferaning yuqori qatlamlarini tadqiq etishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Aerologik sharga o‘rnatilgan zamonaviy meteozond parvoz davomida havo harorati, nisbiy namlik, atmosfera bosimi, shamolning tezligi va yo‘nalishi kabi muhim meteorologik ko‘rsatkichlarni turli balandliklarda real vaqt rejimida o‘lchaydi hamda ularni yerdagi qabul qilish stansiyasiga uzatadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu aerologik ma’lumotlar sinoptik tahlillarni takomillashtirish, ob-havo prognozlari aniqligini oshirish, xavfli gidrometeorologik hodisalarni erta aniqlash va aviatsiya, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa sohalarni ishonchli gidrometeorologik axborot bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Qayd etilishicha, aerologik kuzatuvlarni yo‘lga qo‘yish mamlakat gidrometeorologiya xizmatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda sohaning ilmiy va amaliy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

2021 - 2026. Барча ҳуқуқлар химояланган. «Autosanoat Agro Lizing» МЧЖ